2026-08-18 12:43 @yoshlar_online telegram

Joriy yil ilk bor 13 ta strategik kompaniya aktiviga ega Milliy investitsiya jamg‘armasining 30 foiz ulushi Toshkent va London fond birjalariga chiqarildi.

Telegram postini ochish

Joriy yil ilk bor 13 ta strategik kompaniya aktiviga ega Milliy investitsiya jamg‘armasining 30 foiz ulushi Toshkent va London fond birjalariga chiqarildi. Mazkur tajriba xususiy sektor uchun ham tashqi kapital bozorlarga yo‘l ochdi. Endi mahalliy korxonalarni kapital bozoriga olib chiqish uchun nufuzli investitsiya banklari bilan akseleratsiya dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Har yili daromadi 1 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan 50 ta korxona tanlab olinadi. Ularni IPOga tayyorlash, hisobotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish xarajatining yarmi qoplanadi. Bu xususiy korxonalarga chetdan yiliga kamida 1 milliard dollar jalb qilish imkonini beradi. Prezidentimiz har yili 50 milliard dollarlik yuqori texnologik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotganini qayd etib, ularda kadr tayyorlash komponenti bo‘lishi shartligini taʼkidladi. – Har bir loyihaning samarasi faqat texnologiyaga emas, uni ishlata oladigan malakali kadrlarga bog‘liq, – dedi davlatimiz rahbari. Urganchda Germaniya va Xitoy tajribasi asosida o‘quvchilarni “yashil” energetika, qurilish, hamshiralik, agronomlik, elektrotexnika kabi 10 turdagi kasbga yo‘naltirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tajriba respublikaning barcha hududlariga tatbiq etiladi. Texnikum tashkil qiladigan yoki davlat texnikumini olib xalqaro standart asosida kadr tayyorlaydigan tadbirkorlarning xarajatlari solig‘idan chegirib beriladi. Shu tizim orqali 1 million yoshni zamonaviy kasblarga o‘rgatib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsad qilingan.